KORPORATIV AXBOROT YAGONA PORTALI ISHGA TUSHDI

Mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo’lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, shuningdek, kompaniya faoliyati to’grisidagi axborot bilan ta’minlash orqali boshqarishda aksiyadorlarni va investorlarni rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Korporativ axborot yagona portali ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Ushbu portal Qimmatli qog’ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi veb-sayti negizida, Kompyuter vа аxborot texnologiyalаrini rivojlаntirish hаmdа joriy etish mаrkаzi (“UZINFOCOM” DUK) bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida yaratildi.

Portalda xalqaro normalarni hisobga olgan holda quyidagilar oshkor etiladi:

  • moliyaviy hisobotlar va auditor xulosasi;
  • aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatidagi muhim faktlar haqida axborot;
  • bo’lajak investorlar uchun emissiya risolasi, aksiyalarni joylashtirish haqida ma’lumot, aksiyadorlik kapitali hajmi va boshqa axborotlar;
  • korporativ boshqaruv va qimmatli qog’ozlar bozori bo’yicha normativ-huquqiy bazadagi o’zgarishlar.

O’zbekiston Respublikasi «Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risida» gi Qonunining 44-moddasiga muvofiq qimmatli qog’ozlar emitenti tomonidan Markazning rasmiy veb-saytida quyidagilarni oshkor qilishi shart:

  • emissiya risolasi va unda ko’rsatilgan axborotni qimmatli qog’ozlarni joylashtirish boshlanishiga kamida 2 hafta qolganida, bundan qimmatli qog’ozlarni xususiy (yopiq) joylashtirish mustasno;
  • emitentning yillik hisobotini aksiyadorlarning yoki emitentning boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yig’ilishi o’tkazilganidan keyin2 hafta ichida;
  • emitentning I chorak, I yarim yil va 9 oy yakunlariga doir hisobotni hisobot oyidan keyingi 1 oy ichida;
  • emitent faoliyatidagi muhim fakt haqidagi xabarni u yuz bergan sanadan e’tiboran 2 ish kuni ichida.

Korporativ axborot yagona portalini yaratish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.04.2015 yildagi PF-4720-son “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturining 35-bandida ko’rsatilgan.

Portal www.openinfo.uz manzili bo’yicha joylashgan bo’lib, unda axborot aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa qimmatli qog’ozlar emitentlari tomonidan elektron raqamli imzo orqali oshkor etiladi.

Ma’lumotlar tezkor, uch tilda va qulay formatda bo’lishi uchun Portal doimiy mukammallashtirilib boriladi.

Qimmatli qog’ozlar bozorida axborotni taqdim etish va e’lon qilish tartibi Qimmatli qog’ozlar bozorida axborot taqdim etish va e’lon qilish qoidalarida belgilangan (ro’y. № 2383 31.07.2012 yil)