AKSIYA VA OBLIGATSIYA EMISSIYASI TARTIBIGA O’ZGARTIRISH KIRITILDI

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 06.11.2015 yilda 2000-4 son bilan Qimmatli qog’ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog’ozlar chiqarilishlarini davlat ro’yhatidan o’tkazish qoidalariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi Markazning buyrug’i ro’yxatdan o’tdi.

Qoidalarga (№2000, 30.08.2009y.) o’zgartirish va qo’shimchalar 2015 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risida” va “Investitsiya va pay fondlari to’g’risida” gi qonunlari  hamda boshqa qonun hujjatlari talablariga moslashtirish maqsadida kiritildi.

Xususan, Qoidaning 14-bandiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq ustav kapitalini qo’shimcha aksiyalarni joylashtirish yo’li bilan ko’paytirish emitentning jalb qilingan investitsiyalari, o’zlik kapitali va hisoblangan dividendlar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

“Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risida” gi qonunning 4-moddasiga muvofiq aksiyalar, korporativ va infratuzilma obligatsiyalari, shuningdek depozitar tilxatlar hujjatsiz shaklda chiqariladi. Qoidaning obligatsiyalarni hujjatli shaklda chiqarish tartibini o’rnatuvchi 28 va 45 bandlar o’z kuchini yo’qotdi.

Shuningdek, emitentning boshqaruv organi tomonidan qimmatli qog’ozlarni chiqarish to’g’risidagi qarorga va (yoki) ularning risolasiga o’zgartirishlar va (yoki) qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab emitent qimmatli qog’ozlarning joylashtirilishini va muomalasini to’xtatib turish to’g’risida qaror qabul qilishi haqidagi Qoidaning 90-bandi ham o’z kuchini yo’qotdi.

Qoidaning 22-bandidagi ayrim talablar, ya’ni korporativ obligatsiyalarni ustav kapitalini qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan kam bo’lmagan miqdorda shakllantirgan hamda 3 yildan beri faoliyat yuritayotgan emitentlar chiqarishi mumkinligi haqida talablar bekor qilindi.

Qoidalar infratuzilma obligatsiyalarini chiqarish shartlarini  belgilovchi 221-band bilan to’ldirildi. Bunda infratuzilma obligatsiyalarni chiqarishda korporativ obligatsiyalardan farqli ravishda emitentning tashkiliy huquqiy shakliga  cheklov  yo’qligini eslatib o’tamiz.

Ahamiyatli tomoni qimmatli qog’ozlarni chiqarish shartlarini va hajmlarini banklar O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishishi talabi bekor qilindi, shunga ko’ra Qoidaning 31,48,49 bandlariga va ilovasiga o’zgartirishlar kiritildi, Qoidaning XI bobi o’z kuchini yo’qotdi.

Qoidaning 39-bandiga kiritilgan qo’shimchaga ko’ra qonun hujjatlariga muvofiq baholovchi tashkilot majburiy tarzda jalb etilgan taqdirda, qimmatli qog’ozlarni chiqarish to’g’risidagi qaror unda ko’rsatilgan mol-mulkning baholash qiymati to’g’risidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan holda baholovchi tashkilot tomonidan ham imzolanishi shart.

Qimmatli qog`ozlar chiqarilishini davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun emitent tomonidan  Markazga taqdim etiladigan hujjatlar ro`yxati ham qayta ko`rib chiqildi. Xususan, Qoidaning 43-bandidan emitentning notarial-tasdiqlangan nizomining nusxasini o`zgartirishlar va qo`shimchalar bilan birga taqdim etish talabi olib tashlandi, shuningdek, aksiya va korporativ obligatsiyalar chiqarish to`g`risidagi qaror yagona aksiyador tomonidan qabul qilingan bo`lsa, aksiyadorning tegishli qarorining nusxasi taqdim etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, kuzatuv kengashi raisi tomonidan qimmatli qog`ozlar chiqarish natijalari to`g`risidagi hisobotni imzolash zarurati bekor qilindi (Qoidaning 81-bandi). Shu bilan birga, endi qimmatli qog`ozlarning yangi chiqarilishida qimmatli qog`ozlarni chiqarish natijalari to`g`risida hisobot topshirish talab qilinmaydi (Qoidaning 80-bandi).

“Qimmatli qog’ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog’ozlar chiqarilishlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish qoidalariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” Markazning 05.10.2015 yildagi 2015-17-sonli buyrug’ining to’liq matni bilan “Kutubxona” bo’limida tanishishingiz mumkin.