MAQSAD- XORIJIY INVESTOR VA MENEJERLARNI KORPORATIV BOSHQARUVNI RIVOJLANTIRISHDA FAOL ISHTIROKINI TASHKIL ETISH

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 21.12.2015 yilda PQ-2454-son ”Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” qarori imzolanib, unga ko’ra aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida xorijiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lmasligi lozim.

Qarorning maqsadi AJlarga xorijiy investor va menejerlarni keng jalb etish, ular korporativ boshqaruvda, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashda, sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uni tashqi bozorlarga olib chiqishda faol ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek AJlarning ustav kapitallarida davlatning ulushini qisqartirish hisobidan iqtisodiyotda davlatning ishtirokini tubdan kamaytirishdir.

Ushbu Qarorda ustav kapitalida xorojiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo’lgan avval tashkil etilgan AJlar 01.07.2016 yilgacha xorijiy investor ulushini belgilangan miqdorda shakillantirishi shartligi qayd etildi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan strategik mahsulotlar ishlab chiqarish va birlamchi qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan AJlar, shuningdek tabiiy monopoliya sub’ektlari va narhi boshqariladigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlarni etkazib beruvchi AJlar bundan mustasno.

01.07.2016 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, AJlar ustav kapitalidagi xorijiy investorning ulushi 15 foizdan kam bo’lmagan taqdirdagina tashkil qilinishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan:

  • 01.01.2020 yilgacha xorijiy investorlar aksiyalardan dividend tarzida olayotgan daromadi bo’yicha soliq to’lashdan;
  • xorijiy investitsiyasi mavjud AJlar da’vo arizasi bilan sudga murojaat etganda davlat bojini to’lashdan ozod qilindi, keyinchalik davlat boji aybdor deb topilgan tomondan undirib olinishi belgilandi.

Shuningdek, xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizgacha miqdorni tashkil etadigan AJlarga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.04.2005 yildagi PF-3594— sonli farmonidagi foyda, mulk, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish  soliqlari, yagona soliq to’lovi, shuningdek Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lash bo’yicha berilgan imtiyozlar tatbiq etildi.

Bundan tashqari, mazkur Qaror bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.04.2015 yildagi PQ-2340— sonli qarori 6-bandiga quyidagi qo’shimchalar kiritildi:

  • Qarorning 2-ilovasiga kiritilgan 15 foizdan kamroq xorijiy kapital ishtirokidagi AJlarning aksiya paketlari faqat xorijiy investorlarga sotiladi;
  • davlat va ho’jalik boshqaruvi organlarining ulushi bo’lgan tijorat tashkilotlari faqat AJ yoki MChJ shaklida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Presidentining 27.09.2006 yildagi PQ-475-sonli qarori 3-bandidagi 4 xatboshi yangi tahrirda bayon etildi va unga ko’ra aktivlarining balans qiymati 1 mlrd. so’mdan ko’p bo’lgan korxonalarda, AJlarda esa aktivlarining balans qiymati eng kam ish haqi miqdorining 100 ming baravaridan ko’proq bo’lganda ichki audit xizmatlari tashkil etiladi, va ular  kuzatuv kengashi tomonidan tayinlanadi va unga hisobot beradi.